Next.js bilan tanishuv: React’dan keyingi bosqich
React bilan bir necha oy ishlagach, men doim bir xil muammolarga duch kelardim:
SEO optimizatsiyasi, routing va server-side rendering.
Shu payt do‘stlarim Next.js-ni sinab ko‘rishni tavsiya qilishdi. Bir necha hafta foydalanib, bu freymvork React loyihalarini qanday qulaylashtirishini his qildim. Quyida o‘sha tajribamni bo‘lishmoqchiman.
Next.js nima?
Oddiy qilib aytganda, Next.js – bu React ustida qurilgan freymvork.
U sizga tayyor routing, server-side rendering (SSR) va statik sayt yaratish (SSG) imkonini beradi.
Ya’ni, siz React kodini yozasiz, lekin backend tomondan ham ishlaydigan kuchli imkoniyatlarga ega bo‘lasiz.
O‘rnatish juda sodda
Birinchi loyihani yaratish uchun atigi bitta buyruq kifoya:
npx create-next-app my-app
cd my-app
npm run dev
http://localhost:3000
manzilini brauzerda ochsangiz, tayyor ishlaydigan dastur ko‘rasiz.
Routing bilan ortiqcha bosh qotirish shart emas
React’da react-router yoki boshqa kutubxona o‘rnatish kerak bo‘lsa, Next.js’da sahifalar avtomatik tuziladi.
pages papkasiga about.js faylini qo‘shasiz va u avtomatik ravishda /about yo‘liga ulanadi.
// pages/about.js
export default function About() {
return <h1>Bu About sahifasi</h1>
}
Shu bilan ish tamom.
Server-side rendering (SSR)
SEO uchun juda foydali narsa. Masalan, blogdagi maqolani server tomondan oldindan tayyorlab, foydalanuvchi brauzeriga to‘liq HTML sifatida yuborish mumkin. Bu Google indeksatsiyasini tezlashtiradi.
export async function getServerSideProps() {
const data = await fetch("https://api.example.com/posts");
const posts = await data.json();
return { props: { posts } };
}
Statik sayt yaratish (SSG)
Agar ma’lumot tez-tez o‘zgarmasa, Next.js sahifani build vaqtida tayyorlab qo‘yadi.
Natijada sayt chaqqon ishlaydi va hosting arzonroq bo‘ladi.
Nega menga yoqdi?
Tez start: create-next-app orqali 5 daqiqada ishchi loyiha.
SEO: server-side rendering tayyor.
Routing oddiy: papka strukturasiga qarab ishlaydi.
API routes: kichik backend endpointlarini shu loyiha ichida yozish mumkin.
Yakuniy fikr
Agar React bilan ishlashni bilsangiz, Next.js o‘rganish qiyin emas.
Hatto kichik shaxsiy portfolio uchun ham foydali: tez yuklanish, SEO, tayyor routing – barchasi bor.
Menimcha, bugungi kunda React bilan jiddiyroq loyihaga kirishayotgan bo‘lsangiz, Next.js’ni sinab ko‘rish shart.
Siz-chi, Next.js bilan ishlaganmisiz? Tajribangizni izohlarda bo‘lishing.
Top comments (0)