Odoo joriy qilishda eng ko'p uchraydigan 10 ta xato
Muammo deyarli hech qachon platformada emas — qarorlarda. Boshqa implementorlarning tajribasi nimani ko'rsatadi
Odoo bilan ishlaganlar orasida bir gap bor: "Odoo demo'da juda oddiy ko'rinadi." Va bu haqiqat. Muammolar demo'dan keyin — modullar ulanib, jarayonlar chizilib, ma'lumot ko'chirila boshlaganda paydo bo'ladi.
Men bu maqolani yozishdan oldin faqat o'z tajribamga tayanmadim. Turli mamlakatlardagi Odoo implementorlari, foydalanuvchi sharhlari va rasmiy hujjatlarda takrorlanadigan naqshlarni ko'rib chiqdim. Xulosa hamma joyda bir xil: bu maqoladagi har bir xato — dasturiy ta'minotning emas, jarayonning xatosi.
Quyida o'sha xatolar. Har biri uchun: nega sodir bo'ladi, nimaga olib keladi va qanday oldini olinadi.
1. Rejasiz boshlash
Eng ko'p uchraydigani va eng qimmati. Ko'p kompaniyalar ichki jarayonlarini aniqlamasdan turib modullarni o'rnatishga kirishadi — natijada tartibsizlik va chalkashlik yuzaga keladi.
Buning tipik ko'rinishi: "Avval Sale va Inventory'ni yoqib ko'raylik, keyin qarab olamiz." Ikki oydan keyin ma'lum bo'ladiki, sklad hisobi noto'g'ri sozlangan, chunki hech kim mahsulot kategoriyalari bo'yicha valuatsiya siyosatini oldindan hal qilmagan edi.
Nega bunday bo'ladi. Odoo'da modulni yoqish bir necha soniya vaqt oladi. Bu "boshlash arzon" degan yolg'on tuyg'u beradi. Aslida esa modulni yoqish emas, uni noto'g'ri sozlab, ustiga bir oylik hujjat kiritish qimmat.
To'g'ri yondashuv. Hech qanday modul yoqilmasdan oldin joriy jarayonlar yozib chiqiladi, kerakli modullar ro'yxati aniqlanadi va joriy qilish fazalarga bo'linadi. Bu bir haftalik ish — keyinchalik bir necha oyni tejaydi.
2. Hamma modulni birdaniga yoqish
Odoo'ning modulligi — kuchli tomoni. Ammo boshidanoq mavjud barcha ilovalarni o'rnatish foydalanuvchilarni ko'mib tashlaydi.
Bu xato ayniqsa ichki IT jamoalar tomonidan qilinadi: "Baribir litsenziyada bor-ku, yoqib qo'yaylik." Natijada sotuv menejeri o'ziga hech qachon kerak bo'lmaydigan 14 ta menyu orasidan kerakligini qidiradi. Foydalanish darajasi tushadi, "tizim murakkab" degan obro' paydo bo'ladi.
To'g'ri yondashuv. Bosqichma-bosqich joriy qilish: avval o'zak (masalan, Sale + Inventory + Accounting), ular barqaror ishlay boshlagandan keyin keyingisi. Agar tizim allaqachon muammoli holatda bo'lsa, qoida yanada qat'iy: asosiy funksiyalar ishonchli ishlamaguncha yangi modul qo'shilmaydi.
3. Over-customization — eng qimmat xato
Bu naqsh manbalarning deyarli barchasida birinchi o'rinda turadi.
Odoo kuchli standart jarayonlarga ega, ammo ko'p kompaniyalar eski jarayonlarini yangi tizim ichida aynan takrorlashga urinadi. Eng yaxshi amaliyotlarga moslashish o'rniga, dasturchidan "Odoo'ni bizning ishlash uslubimizga moslashtir" deb so'raydi.
Va bu bevosita texnik qarzga aylanadi. Odoo'ning o'z rasmiy hujjatida ham shu ochiq yozilgan: o'z ishlanmalaringizni iloji boricha shubha ostiga oling va funksional muqobil yechim toping; ishlanmalaringiz bilan standart Odoo o'rtasidagi takrorlanishni yo'q qilish yangilanish jarayonini yengillashtiradi va texnik qarzni kamaytiradi.
Foydalanuvchilar tomonidan bu qanday his qilinadi? G2'dagi bir sharhda aniq ifodalangan: asosiy kamchilik — joriy qilishning murakkabligi va umumiy narxi; bazaviy mahsulot arzon ko'rinsa-da, Odoo'ni haqiqatan ishlaydigan holatga keltirish keng ko'lamli customization, uchinchi tomon ilovalari va doimiy texnik yordamni talab qiladi, tez-tez chiqadigan yangilanishlar esa customization'larni buzib qo'yishi mumkin.
Amaliy mezon. Har bir customization so'roviga bitta savol bering: "Bu bizning raqobat ustunligimizmi yoki shunchaki odatmi?"
- "Biz doim shunday qilganmiz" → jarayonni o'zgartiring
- "Qonun talab qiladi" yoki "mijozlarimiz aynan shuni so'raydi" → kod yozing
Customization real raqobat bo'shlig'ini yopishi kerak, eskirgan odatni saqlab qolishni emas.
4. Talablarni faqat IT va moliyadan yig'ish
Klassik ssenariy: discovery yig'ilishida direktor, bosh buxgalter va IT bor. Sklad mudiri, kassir va sotuv menejeri yo'q.
Jamoalar real biznes ehtiyojini tushunib olishdan oldin texnik sozlashga shoshiladi — talablarni faqat IT va moliyadan oladi, operatsion bo'lim, sotuv va mijozlar bilan ishlash bo'limining muhim fikri esa e'tibordan chetda qoladi.
Natijasi go-live kuni chiqadi: buxgalteriya hisoboti benuqson, ammo sklad ishchisi har bir chiqim uchun 6 ta klik qilishga majbur va kuniga 200 ta chiqim bor.
To'g'ri yondashuv. Har bir bo'limdan key user. Va talab so'rovnoma orqali emas, ish joyida kuzatish orqali yig'iladi — odam ekranda nimani bosadi, qaysi Excel'ni ochadi.
5. Iflos ma'lumotni ko'chirish
Har bir kompaniya o'z ma'lumotini aslidagidan toza deb o'ylaydi. Yillar davomida yig'ilgan eksportlar, Excel'dagi vaqtinchalik yechimlar va eski tizim g'alizliklari ortidan dublikat yozuvlar, bir xil bo'lmagan formatlar va to'ldirilmagan maydonlar qoladi.
To'liq bo'lmagan, eskirgan yoki takrorlanuvchi ma'lumotni eski tizimdan Odoo'ga ko'chirish xatolarga olib keladi, operatsiyalarni buzadi va foydalanuvchilarning tizimga ishonchini pasaytiradi.
Oxirgi jumla eng muhimi. Ishonchni yo'qotish qaytarilmas. Bir marta "bu hisobot noto'g'ri" deb ishongan buxgalter keyingi olti oy davomida parallel Excel yuritadi — va siz buni ancha kech bilib qolasiz.
To'g'ri yondashuv:
- Ko'chirishdan oldin tozalash. Dublikatlarni birlashtirish, o'lchov birliklarini bir xillashtirish, faol bo'lmagan mahsulotlarni arxivlash.
- Kamida ikki marta sinov importi, Staging muhitida.
- Har importdan keyin solishtirish: jami sklad qoldig'i, debitor/kreditor qarzdorlik, konto balanslari eski tizim bilan aniq mos kelishi kerak.
6. Sherikni faqat narx bo'yicha tanlash
Bu xato mijoz tomonida, ammo oqibati hammaga tegadi.
Ko'p tashkilotlar Odoo joriy qiluvchi kompaniyani asosan narx yoki sotuv taqdimoti asosida tanlaydi — tajriba, metodologiya va joriy qilishdan keyingi yordam haqida so'ramasdan. Eng arzon variant uzoq muddatda kamdan-kam hollarda eng arzoni bo'lib chiqadi. O'sha manbada aniq misol ham bor: 80 000 dollar turishi kerak bo'lgan loyihalar 30 000 dollarga kotirovka qilinib, oxir-oqibat qayta ishlash va cho'zilgan muddatlar hisobiga ikki barobar qimmatga tushgan.
Sertifikat ham yetarli kafolat emas: sertifikatlash asosan firma Odoo'ning o'quv va sotuv talablarini bajarganini tasdiqlaydi, ammo jamoa murakkab real loyihalar bilan ishlaganini anglatmaydi — masalan, ko'p kompaniyali o'zaro operatsiyalar, murakkab BoM'lar uchun Python migratsiya skriptlari yoki stock valuation layer xatolari sabab paydo bo'lgan "fantom" jurnal yozuvlarini hal qilish.
Nima so'rash kerak. Sherik bilan shartnoma imzolashdan oldin uning joriy qilish jarayoni, "rescue" (qulagan loyihani qutqarish) tajribasi, ma'lumot ko'chirish strategiyasi va ishga tushirishdan keyingi yordam tuzilmasi haqida so'rang. Agar javoblar mavhum yoki haddan tashqari sotuvga yo'naltirilgan bo'lsa — bu odatda ogohlantiruvchi belgi.
7. Testsiz go-live
Natija — xatolar, buzilgan jarayonlar va noto'g'ri sozlangan narx qoidalari real foydalanuvchilar tomonidan jonli production muhitida topiladi. Go-live'dan keyin muammoni tuzatish uni oldindan tutib olishdan har doim qimmatroq, xodimlar ishonchiga va mijozlar bilan munosabatlarga yetgan zarar esa oylar davomida saqlanib qolishi mumkin.
To'g'ri yondashuv. UAT (User Acceptance Testing) — mijozning o'zi o'tkazadigan test. Stsenariylar real hujjatlar asosida: o'tgan oyning haqiqiy buyurtmasini oling va uni sotuv → yetkazish → invoys → to'lov zanjiri bo'ylab to'liq o'tkazing. UAT rasman qabul qilinmaguncha go-live yo'q.
8. Bir martalik o'qitish
Ko'p kichik va o'rta biznes faqat bir martalik o'quv sessiyasi bilan cheklanadi. Bu uzoq muddatli o'zlashtirish uchun odatda yetarli emas, tadqiqotlar esa zaif change management ERP'dan samarali foydalanishni 70 foizgacha kamaytirishini ko'rsatadi.
Bir hafta davom etgan trening va 40 betlik PDF — bu o'qitish emas, hisobot uchun qilingan ish. Odam tizimni real ish oqimida, o'z hujjatlari ustida o'rganadi.
To'g'ri yondashuv. Rollar bo'yicha qisqa treninglar, o'zbek tilidagi 2–3 daqiqalik videolar, har bir bo'limda 1–2 ta "champion" tayyorlash. Tajribali sherik o'zlashtirishni uzluksiz jarayon deb biladi va go-live'dan keyin ham uni kuzatib boradi.
9. Yangilanishni rejaga kiritmaslik
Odoo yiliga bitta katta versiya chiqaradi. Agar siz buni boshidanoq hisobga olmasangiz, 2–3 yildan keyin tanlov tor bo'lib qoladi.
Community'da yangilanish avtomatik emas — bu pullik dasturlash loyihasi. Custom modullar yangi versiyada ko'pincha ishlamay qoladi va qayta yozilishi kerak. Natijada ko'p biznes 2–3 versiya orqada qolib ketadi, chunki yangilanish juda qimmat — bu esa jamlanib boruvchi texnik qarzni yuzaga keltiradi.
Texnik sabab ham aniq: ma'lumot avtomatik ko'chsa ham, custom kod ORM, model tuzilmasi, JavaScript freymvorki (jQuery'dan OWL'ga o'tish) va huquqlar tizimidagi o'zgarishlar sababli qo'lda refaktoring talab qiladi.
To'g'ri yondashuv:
- Har bir customization uchun "yangilanish narxi" ni oldindan baholang. Bu bir martalik emas, takrorlanuvchi xarajat.
- Standart API'ga tayaning, ORM ichiga chuqur kirmang, core'ni monkey-patch qilmang.
- Yangilanish davriyligini shartnomada belgilang (masalan, har 2 yilda bir marta).
10. Go-live'ni loyihaning tugashi deb bilish
Sherik go-live'dan bir hafta keyin javob bermay qo'ysa, loyiha texnik jihatdan muvaffaqiyatli bo'lsa ham amalda qulaydi. Joriy qiluvchi sherik ishga tushirishdan keyingi kamida dastlabki oylar davomida aniq eskalatsiya yo'llari va javob muddatlari bilan yordam ko'rsatishi kerak.
Hyper-care rejimi: birinchi 2–4 hafta — qisqartirilgan javob muddati, har kuni qisqa yig'ilish ("bugun kim nimaga qoqildi?"), topilgan muammolarni darhol yo'riqnomaga qaytarish. Shundan keyingina odatiy support'ga o'tiladi.
O'zbekiston kontekstidagi qo'shimcha uchta xato
Yuqoridagilar universal. Lokal amaliyotda men muntazam ko'radigan yana uchtasi:
Lokalizatsiyani oxirgi haftaga qoldirish. NDS, hisob-faktura formati, DIDOX/soliq integratsiyasi — bular "keyin qo'shib qo'yamiz" deb kechiktiriladi va cutover'dan uch kun oldin panikaga aylanadi. Lokalizatsiya talablari Design bosqichida aniqlanishi kerak, chunki ular kontlar rejasiga va invoys oqimiga ta'sir qiladi.
Ikki valyutali hisobni kech o'ylash. So'm va dollarda parallel hisob yurituvchi kompaniyalar ko'p. Valyuta kurslari siyosati, qayta baholash va POS'dagi ikki valyutali to'lov — bular keyinchalik qo'shiladigan "kichik funksiya" emas, balki arxitektura qarori.
"Direktor hammasini ko'rsin" talabi. Aslida bu ruxsatlar tizimini buzadi. To'g'ri javob — direktorga barcha ma'lumotni ochish emas, unga kerakli ko'rsatkichlarni beradigan dashboard qurish.
Go-live oldidan qisqa tekshiruv ro'yxati
- Scope hujjati mavjud va imzolangan
- Fit-Gap tahlili yakunlangan, har bir Gap bo'yicha qaror yozilgan
- Customization ro'yxati ma'lum va har biri asoslangan
- Ma'lumot tozalangan, kamida 2 marta sinov importi o'tkazilgan
- Balanslar va qoldiqlar eski tizim bilan solishtirilgan
- UAT mijoz tomonidan bajarilgan va qabul qilingan
- Rollar bo'yicha o'qitish o'tkazilgan, champion'lar tayinlangan
- Cutover rejasi soatlab yozilgan, rollback varianti bor
- Hyper-care davri va javob muddatlari kelishilgan
Xulosa
Statistika achchiq: Gartner ma'lumotlariga ko'ra ERP loyihalarining 70 foizdan ortig'i dastlabki maqsadlariga erisha olmaydi, ko'pchiligi jiddiy operatsion muammolarga duch keladi — va aksariyat hollarda sabab dasturiy ta'minotning o'zida emas, balki zaif rejalashtirish, noaniq jarayonlar yoki kuchsiz joriy qilish strategiyasidadir.
Yuqoridagi o'nta xatoning birortasi ham texnologiya bilan bog'liq emas. Ularning hammasi — qaror qabul qilish va tartib-intizom masalasi.
Shuning uchun eng yaxshi xabar ham shu: bu qo'llanmadagi xatolarning barchasining oldini olish mumkin. Farq tayyorgarlikda. Odoo ishlaydi — real reja, to'g'ri sherik, toza ma'lumot, o'qitilgan foydalanuvchilar va uzoq muddatli qarash bilan o'ylab joriy qilinsa.
Agar loyihani boshlashdan oldin faqat uchta narsani yopib olsangiz — hujjatlashtirilgan scope, tozalangan ma'lumot va mijoz tomonida qaror qabul qiladigan odam — qolgani texnika masalasi.
Siz Odoo joriy qilishda qaysi xatoga duch kelgansiz? Ayniqsa customization chegarasini qayerda chizish kerakligi bo'yicha tajribangizni eshitish qiziq.
Top comments (0)